“Vatan himoyachilari kuni”ga bagʻishlandi

Joriy yilning 18 yanvar kuni institutimizda Vatanimiz osmonining musaffoligiga sabab boʻluvchi yurt posbonlarining kasbiy bayramiga bagʻishlangan maʼnaviy-maʼrifiy tadbir tashkil etildi. Dastavval, Harbiy kafedra boshligʻi podpolkovnik Rafik Zilyevich Minlishev Oʻzbekiston bayrogʻini olib kirishga buyruq berdi. Soʻngra Oʻzbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi yangraydi. Keyin esa tantanali yigʻilishni ochib berish va jamoani tabriklash uchun mikrofon qarshisiga institut rektori, professor Umurzoqov Oʻktam Pardayevich taklif etildi.

Soʻngra soʻzga tabrik uchun Harbiy kafedra boshligʻi podpolkovnik Rafik Zilyevich Minlishev chiqdi. Yoshlar bilan ishlash boʻyicha prorektor Shavazov Qodirjon Ochilovich Harbiy kafedra ofitserlari va talabalarini taqdirlash maqsadida rektor buyrugʻini oʻqib eshittirgach, harbiy kafedra talabasi Abdumannonov Akmal Anvarovich oʻz minnatdorchiligini bildirdi. Keyin esa institut “Qishloq va suv xoʻjaligi energiya taʼminoti”, hamda institut Harbiy kafedrasi tomonidan tayyorlangan konsert dasturi namoyish etildi.

Koʻksi toʻlib egilmasin magʻrur boshi

Sherdek tursin oʻtsa ham yuzdan yoshi.

Yarashadi ozod yurtga jasur oʻgʻlonlar

Bayramingiz muborak, aziz yurtdoshlar

Mard, jasur, qoʻrqmas oʻgʻlonlar chinakam maʼnoda vatanimiz himoyachilaridir.Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining 26 yillik shodyonasi yurtimizda keng miqyosda nishonlangani qalbimizga gʻurur baxsh etadi. Shuning uchuham maʼrifiy tadbir “Mardlar qoʻriqlaydi vatanni” deb nomlangan. Maʼlumki, Mustaqilligimizning ilk yillaridanoq, mamlakatimiz mudofaasini kuchaytirish masalasi davlatimiz siyosatining eng muhim ustuvor yoʻnalishlaridan biri sifatida belgilab olindi. Bugungi yoshlarimiz mustaqil vatanimizning posbonlaridir.

Vatanni, xalqimiz tinchligi va osoyishtaligini ishonchli himoya qilish, vatanparvar boʻlish, sodiqlik, fidoyilik tuygʻularini his etib yashash yoshlarimizga xos. Ular qoʻlga kiritgan bunday yutuqlar bilan muqaddas yurtimizda yashayotgan, millati, dini va eʼtiqodidan qatʼi nazar, har bir inson haqli ravishda faxrlansa arziydi. Zeroki, ular mustaqil yurtimizning kelajagidirlar. Sahnaga institutimizning Xarbiy kafedra talabalarini taklif etilgach, saf tayyorgarligi va jang sanʼati sahna koʻrinishlari koʻz oldimizda jonlandi. Ular tomonidan oʻqilgan vatanparvarlik ruhidagi sheʼrlar mardlik va jasoratga, faxru iftixorga chorlaydi.

Armiyamiz mustahkam

Xalqparvardir chinakam

Yurtimizda har askar

Jasur, mard va xaloskor.

Oʻzbekiston oʻgʻloni,

Boʻlib tinchlik posboni,

Barcha ezgu insonni,

Sharaflaydi jahonni.

Soʻngra sahnaga Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining ashula va raqs ansambli taklif etildi. Ular oʻzlarining dilgir navolardan tarkib topgan qoʻshiqlar guldastasini taqdim etib, hammaga zavq ulashishdi. Mustaqil ona yurtimiz osmonida quyosh xamisha porlab tursin. Sizlarga sogʻlik-salomatlik, ishlaringizda omadlar tilab qolamiz. Shunday qilib shodiyona bayram dasturi nihoyasiga yetdi.

“Qishloq va suv xoʻjaligi energiya taʼminoti” MMIB dekan oʻrinbosari Sh.Berdiyev axboroti

Institut Matbuot kotibi Rahimboy Jumaniyozov