Ochiq dars va koʻrik tanlov

Tabiat neʼmatlari yoxud inson qoʻli bilan yaratilgan boyliklarning, ixtirolarning meʼyoriy mezonlari bor. Ulardan oqilona va samarali foydalanish katta ahamiyatga ega. Har bir narsaning oʻz oʻlchovi bor. Atoqli shoir Mirzo Abdulqodir Bedilning meʼyor haqidagi ushbu bitigi bejiz emas.

Uzluksiz shodlik ham keltiradi gʻam

Haddan ortiq bazm misoli motam,

Har narsa meʼyordan oshmasa yaxshi

Haddan oshsa oʻtdan battarroq suv ham.

Demak, barcha narsa-hodisalarga meʼyoriy munosabat muhim masala. Institutimizda 2018 yil 12 dekabr kuni “Qishloq va suv xoʻjaligida energiya taʼminoti” fakulteti “Elektr taʼminoti va qayta tiklanuvchan energiya manbalari” kafedrasi tashabbusi bilan  “Oʻzbekenergo” AJ tomonidan eʼlon qilingan “Elektr energiyasidan samarali va oqilona foydalanish oyligini oʻtkazish” chora-tadbirlar dasturiga asosan hamda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining 2018 yil 3-dekabrdagi №87-02-3535 son xatida keltirilgan vazifalarni oʻz vaqtida bajarish maqsadida 2018 yil 12 dekabr kuni professor-oʻqituvchilar, doktorantlar, magistrantlar, talabalar ishtirokida ochiq dars va koʻrik tanlov oʻtkazildi.

Tadbirda mehon sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasining akademigi t.f.d., prof. R.A.Zaxidov hamda “Oʻzbekenergo” aksiyadorlik jamiyatidan 10 nafar mutaxassislar ishtirok etdilar. Jumladan, boshqarma boshligʻi B.G.Qodirov, Yoshlar ittifoqi raisi F.A.Nuraliyev va “Oʻzbekenergoaxborot” aksiyadorlik jamiyati boshligʻi S.K.Mirzayeva hamda oʻrinbosari Z.Sh.Xalikovlar ishtirok etdilar. Tadbir davomida akademik R.A.Zaxidov, B.G.Qodirov, F.A.Nuraliyev, Z.Sh.Xalikov, professor A.Radjabov, fukultet dekani t.f.d. A. Isakova va kafedra mudiri PhD D.Qodirovlar soʻzga chiqib elektr energiyasidan samarali, oqilona foydalanish usullari va elektr energiya samaradorligi oshirishning bugungi kundagi amaliy ahamiyati toʻgʻrisida maʼruzalar qildilar. Tadbir soʻngida qisqa savol-javob koʻrinishida “Blis-soʻrov” yoʻsinida “Sizningcha, elektr energiyasidan qanday samarali va oqilona foydalanish mumkin?” tarzida koʻrik-tanlov oʻtkazildi. Eng toʻgʻri va toʻla javob bergan faol ishtirokchilar esdalik sovgʻalari - badiiy kitoblar bilan taqdirlanishdi.

ET va KTEM kafedra mudiri D.B.Kodirov axboroti

Institut matbuot kotibi Rahimboy Jumaniyozov