Taʼlimga baxshida umr

Tashabbuskorlik va tashkilotchilik inson faoliyatining ikki qanoti. Ana shu sifatlarga ega boʻlgan insonlar doimo eʼtiborga sazovor, tahsinga loyiq. Oʻziga yuklangan vazifani sharaf bilan ado etish ham fidoyilikni talab etadi. Zahmat chekmaguncha rahmat eshitilmas degan hikmat bejiz aytilmagan. Oʻz kasbini sevish, yaqinlariga, kasbdoshlariga muhabbatli va muruvvatli boʻlish uning el-yurti, mehnat jamoasi, mahallasi, oilasi oldida katta nufuzga ega boʻlishiga sabab boʻlishi sir emas. Gap 1982 yildan buyon institutimizda samarali faoliyat yuritib kelayotgan Toshpoʻlatov Nusratillo Telmanovich haqida. “Elektr taʼminoti va qayta tiklanuvchan energiya manbalari” kafedrasi dotsenti Toshpoʻlatov Nusratillo Telmanovich 3 mart kuni oʻzlarining muborak 60 yoshini qarshiladilar.

Toshpoʻlatov Nusratillo Telmanovich mana 37 yildirki, Respublikamiz qishloq va suv xoʻjaligi sohasi uchun yetuk kadrlar tayyorlashda munosib hissasini qoʻshib kelyaptilar. Yetuk mutaxassislar tayyorlashda hamda tizimning moddiy – texnikaviy bazasini mustahkamlashda va oʻqish jarayonida katta faoliyat koʻrsatib kelayotganlari sir emas. Shu kunga qadar ularning muallifligida soha muammolarini hal etishga bagʻishlangan bir qancha nazariy va ilmiy – ommabop maqolalari, oʻquv qoʻllanma va darsliklari chop etilgan.

El-yurt hurmatini meros qilib boʻlmaydi. Unga faqat umr boʻyi halol, fidokorona mehnat qilib, yonib yashagan kishilargina erishadi. Ularni ana shunday kishilar toifasidan ekanligidan butun jamoa va doʻst-u birodarlari, yaqinlari faxrlanadi. Yubilyarga tangridan uzoq umr, sihat-salomatlik va mamlakatimiz ravnaqi yoʻlida olib borayotgan kelajak faoliyatida kuch-quvvat va ulkan zafarlar tilaymiz!

“ET va QTEM” kafedrasi assistenti O.Qilichov axboroti

Institut matbuot kotibi Rahimboy Jumaniyozov