Namangan viloyatida «Ideaton» tanlovi bo‘lib o‘tdi

Namangan viloyatida «Ideaton» tanlovi bo‘lib o‘tdi

Joriy yilning 23-fevral kuni IT Park Namangan filialida IT Park tomonidan Namangan viloyati hokimligi hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining viloyat hududiy boshqarmasi hamda yoshlar ishlari Agentligi viloyat boshqarmasi hamkorligida tashkil etilgan «Ideaton» tadbiri bo‘lib o‘tdi. Tadbirning ochilishida IT Park Namangan filiali rahbari Muhammadali Ubaydullayev va Namangan viloyati Elektron hukumat tizimini rivojlantirish markazi rahbari Baxtiyor Axunbabayevlar ishtirok etib, kirish so‘zi bilan qatnashib, tanlov ishtirokchilariga maslahatlar berdilar. Tanlovda 70 dan ortiq ishtirokchi ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib 40 dan ortiq jamoa shaklida 3 ta yo‘nalish: sog‘liqni saqlash, moliya va qishloq xo‘jaligi yo‘nalishlari bo‘yicha o‘z loyihalari bilan ishtirok etdi. “Ishtirok etish davomida tomonlar nafaqat o‘z g‘oyalarini taqdim etish, balki yanada maqbul yechimlarni topish uchun muhokama va bahslarda qatnashish imkoniga ega bo‘ldi.

Quvonarlisi ushbu tanlovda “Qishloq va suv xo‘jaligi energiya ta’minoti” fakulteti “Texnologik jarayonlar va ishlab chiqarishni avtomatlashtirish va boshqarish” kafedrasi assistenti Azizjon Negmatov rahbarligida “AUTONOMOUS” hamda “AVTOMATIKA” jamoasi a’zolari faol ishtirok etib “AGRO-TEXNOLOGIYA” yo‘nalishi bo‘yicha faxrli 2 va 3-o‘rinlarni qo‘lga kiritishdi.  Biz ushbu jamoa a’zolarini erishgan yutuqlari bilan chin yurakdan muborakbod etamiz hamda kelgusi faoliyatlariga ulkan zafarlar tilab qolamiz.

Eslatib oʻtamiz, «Ideaton» – bu kelajakda oʻz texnologik biznesingizni yaratish uchun bir kun ichida gʻoyani oʻylab topish va uni minimal hayotiy mahsulotgacha ishlab chiqish imkonini beruvchi tanlov.

Universitet matbuot xizmati